Sayt test rejimida ishlamoqda

Toshkent viloyati, Qibray tumani, Tosh DUK ko‘chasi 296-uy info@uzbekenergotamir.uz
Sayt xaritasi (1100)(+998 55) 508-89-98

Yoshlarni kasb-hunarli qilish va bandligini ta’minlashda yangi imkoniyatlar eshigini birga ochamiz!

“O‘zbekenergota’mir” AJ va Respublika kasbiy ko‘nikmalar markazi “Ishlab chiqarish sohalarini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish” maqsadida o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolashdi.

Hamkorlik memorandumiga ko‘ra, mehnat faoliyatini energetika tizimida davom ettirish istagida bo‘lgan ta’lim oluvchilar sohaga doir nazariy bilimlarni kasbiy ko‘nikmalar markazida olib, amaliy qismini esa bevosita korxonada o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Djamoliddin Yakubov, “O‘zbekenergota’mir” AJ Bosh direktori:

- “Kasbiy ko‘nikmalar markazlari bilan hamkorlikda energota’mir tizimida dual ta’limni joriy etish — sifatli kadrlar tayyorlashning eng istiqbolli yo‘lidir. Bu tizim yosh mutaxassislarga kelajakdagi ish joyida haqiqiy tajriba orttirish, korxonalarga esa ishlashga tayyor, malakali va kasbiga sadoqatli xodimlarni tanlab olish imkonini beradi. Natijada, energetika sohasidagi ta’mirlash ishlarining samaradorligi va sifati yanada ortadi.

Dual ta’limning energota’mir sohasida joriy etilishi qator ustunliklarni beradi. Xususan, tayyorlanayotgan kadrlar tez moslashish bilan birga korxonaning o‘ziga xos ish jarayonlari, uskunalari va korporativ madaniyatiga ham ko‘nikadi.

Shuningdek, ta’lim oluvchilar haqiqiy ta’mirlash jarayonlarida, amaliyot o‘tish uchun maxsus jihozlangan o‘quv maydonchalarida malakali ustalar (ustoz-trenerlar) nazorati ostida amaliy bilimlarni egallashadi. Bu esa ularning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalarga aylantirish imkonini beradi.

O‘z navbatida korxonamiz o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etib, ta’lim mazmunining energota’mir tizimiga kerakli bo‘lgan talablarga mos kelishini ta’minlaydi.

Talabalarning amaliy ko‘nikmalar kundaligi va o‘quv mashg‘ulotlari mobaynida erishgan yutuqlari markaz va korxona vakillari tomonidan muntazam nazorat qilinadi”.

Memorandumni imzolash marosimida tashkilotlar rahbarlari hamkorlik doirasida:

- Qo‘lda payvandlash, elektr-gaz-payvandchi, chilangarlik, kran mashinisti, ishlab chiqarish alpinisti kabi yo‘nalishlarda o‘quv kurslari tashkil etish;

- Mahalliy va xorijiy tajribalar o‘rganilib, ta’lim jarayonlarini zamonaviy uslublar asosida olib borish;

- Aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida ishlab chiqarish sohalarini ommabop va istiqbolli kasb sifatida targ‘ib qilish;

- Amaliyotlar, seminarlar, konferensiyalar hamda qo‘shma loyihalar orqali kasbiy mahoratni oshirish ishlarini yo‘lga qo‘yish kabi masalalarda kelishib olishdi.

 

“O‘zbekenergota’mir” AJ matbuot xizmati