Sayt test rejimida ishlamoqda

Toshkent viloyati, Qibray tumani, Tosh DUK ko‘chasi 296-uy info@uzbekenergotamir.uz
Sayt xaritasi (1100)(+998 55) 508-89-98

Korrupsiya xavflarini bartaraf etish – samarali korporativ boshqaruvning ajralmas qismi

Unda jamiyat Komplayens bo‘limi mutasaddilari Umid Shakirov va Shuhrat Aydusovlar hamda Qibray tumani IIB XPB profilaktika inspektori, leytenant Shaxzod Samiyevlar ishtirok etib, ishtirokchilarga sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan atroflicha ma’lumot berishdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, korrupsiya – mansab vakolatlaridan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanish bo‘lib, u nafaqat iqtisodiy zarar keltiradi, balki jamiyat va tashkilotlarga bo‘lgan ishonchni izdan chiqaradi. Shu bois, korxonada shaffoflikni ta’minlash, ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish va har bir xodimning shaxsiy mas’uliyatini oshirish orqali korrupsiyaviy holatlarning oldini olish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Komplayens bo‘limi mas’ullari o‘z chiqishlarida komplayens tizimi faqat nazorat vositasi emas, balki ishlash madaniyati ekanini alohida qayd etishdi. YA’ni, “to‘g‘ri ish qilish – hatto hech kim ko‘rmayotgan bo‘lsa ham” degan tamoyil har bir xodim faoliyatida ustuvor bo‘lishi lozimligiga urg‘u berildi. Ta’kidlanganidek, korrupsiya uzoqdagi muammo emas, balki kundalik qaror va tanlovlarda namoyon bo‘ladigan xavfdir.

Shuningdek, tadbirda o‘g‘rilik, talon-toroj va o‘zganing mulkini nohaq o‘zlashtirish kabi jinoyatlarning huquqiy va ma’naviy oqibatlari keng yoritildi. Qonunchilikka ko‘ra, har qanday mulkni egasining roziligisiz olish jinoyat hisoblanadi va bu kabi holatlar uchun jarima, majburiy ishlar, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish kabi jazo choralari qo‘llanilishi mumkinligi tushuntirildi.

Mutaxassislar tomonidan keltirilgan misollar orqali “arzimas” deb baholangan holatlar ham jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi, ishonib topshirilgan mablag‘ yoki mol-mulkdan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanish esa ishonchga xiyonat ekani alohida ta’kidlandi. Bu esa nafaqat moddiy zarar, balki jamoadagi o‘zaro ishonchning yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.

Tadbir davomida ishtirokchilar bilan muloqot shaklida fikr almashinib, jinoyatning og‘irlik darajasi, uning inson kelajagiga ta’siri, sudlanganlik oqibatlari kabi masalalar yuzasidan muhokamalar olib borildi. Ayniqsa, profilaktika – bunday holatlarning oldini olishda eng samarali vosita ekani qayd etildi.

Shuningdek, korxonada o‘g‘rilik holatlarining oldini olish uchun moddiy boyliklarni aniq hisob-kitob qilish, nazorat tizimlarini takomillashtirish, xodimlarda huquqiy ong va halollik tamoyillarini mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi. Jamoada sog‘lom muhit, o‘zaro ishonch va mas’uliyatni kuchaytirish orqali salbiy holatlarga barham berish mumkinligi qayd etildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga murojaat qilingan holda, har bir xodim o‘z faoliyatida qonun va vijdonni birdek ustuvor qo‘yishi, ishonib topshirilgan mulkka ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

 

Mazkur profilaktik tadbir “O‘zbekenergota’mir” AJda shaffoflik, adolat va ishonch muhitini yanada mustahkamlash, korrupsiya va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Chunki halollik va mas’uliyat – barqaror rivojlanishning eng mustahkam poydevoridir.

“O‘zbekenergota’mir” AJ Matbuot xizmati