Tantanali tadbirda jamiyat rahbariyati, turli bo‘lim va xizmatlarda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar, shuningdek, korxonada uzoq yillar samarali faoliyat yuritib, bugungi kunda nafaqada bo‘lgan mehnat faxriylari ishtirok etdi. Ularning bayramga tashrifi tadbirga alohida fayz va ma’no baxsh etdi.

Tantanali tadbir avvalida jamiyat Bosh direktori Djamoliddin Yakubov barcha jamoa a’zolarini Navro‘z bilan tabriklab, bu bayram xalqni birlashtiruvchi, mehr-oqibat va bag‘rikenglikni targ‘ib etuvchi ulug‘ ayyom ekanini ta’kidladi hamda xodimlarning fidokorona mehnatini alohida e’tirof etdi.
.jpg)
“O‘zbekenergota’mir” AJ qoshidagi “Faxriylar Kengashi” raisi Aziz Musayev esa ko‘p yillik tajriba va an’analarni yosh avlodga yetkazish muhimligini qayd etib, korxonada rahbariyat tashabbusi bilan keng nishonlanayotgan Navro‘z insonlarni yaqinlashtirib, avlodlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlayotganini ta’kidladi.
.jpg)
Navro‘zning ajralmas ramzi bo‘lgan sumalak tayyorlanib, jamiyat ishchi-xodimlariga ulashildi. Sumalak atrofidagi samimiy suhbatlar, qo‘shiqlar va ezgu tilaklar bayram ruhini yanada boyitdi.
.jpg)
Bahorga xos milliy taomlar, turli noz-ne’matlar bilan bezatilgan to‘kin bayram dasturxoni barchani bir joyga jamladi.
.jpg)
Tadbirga el suygan san’atkorlarning tashrifi esa bayramga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Jonli ijrodagi qo‘shiqlar, kuy va qo‘shiqlar bayramga o‘zgacha ruhiyat berdi.
.jpg)
Bayram dasturi doirasida ishchi-xodimlar ishtirokida qiziqarli ruhdagi o‘yinlar tashkil etildi. Quvnoq bellashuvlar va kulguga boy musobaqalar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. G‘oliblar munosib rag‘batlantirildi, bu esa jamoada do‘stona muhit va birdamlikni yanada mustahkamladi.
.jpg)
Ushbu tadbir nafaqat bayramona hordiq chiqarish, balki jamoada o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qildi. Navro‘zning ezgu an’analari asosida tashkil etilgan bu kabi tadbirlar xodimlarni yangi mehnat yutuqlariga ilhomlantirishi shubhasiz.
.jpg)
Navro‘z — bu faqat bayram emas, balki qalblarni yaqinlashtiradigan, ezgulikka chorlaydigan, inson va tabiatni yangilanishga undaydigan ulug‘ ayyomdir. “O‘zbekenergota’mir” jamoasi bu yilgi bayramni ana shunday yuksak ruh va mazmun bilan qarshi oldi.