Mazkur tadbirda jamiyatda mehnat qilib kelayotgan 1445 nafar ishchi-xodimlar orasidan saylangan delegatlar, shuningdek, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Nurpeis Berdaliyev ishtirok etdi.

Konferensiya ishida rayosat tarkibiga jamiyat moliya bo‘yicha direktori Sanjar Marasulov hamda kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Erkin Yarmuxamedovlar saylandi. Yig‘ilish avvalida konferensiyaning ishchi organlari shakllantirilib, Dilnoza Tursinboyeva kotibiyatga, Tamara Igamberdiyeva va Xamza Qasimovlar sanoq komissiyasi tarkibiga tasdiqlandi.
.jpg)
Ta’kidlanganidek, mazkur konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 79-moddasi talablariga muvofiq ravishda o‘tkazilib, unga ko‘ra jamoa shartnomasini imzolagan tomonlar har yili uning bajarilishi yuzasidan mehnat jamoasi oldida hisobot berib borishi shart.
Yig‘ilish kun tartibiga jamoa shartnomasining 2025-yilda bajarilishi yakunlari, tegishli tekshiruv dalolatnomasini tasdiqlash, shartnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda nazorat komissiyasini saylash masalalari kiritildi.
.jpg)
Kun tartibidagi asosiy masala yuzasidan jamiyat Bosh direktorining hisoboti tinglandi. Uning ma’ruzasi jamiyat o‘quv markazi rahbari Sarvar Umarov tomonidan o‘qib eshittirildi. Shuningdek, kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi tomonidan ham jamoa shartnomasi ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
Hisobotda qayd etilganidek, 2025-yilda jamoa shartnomasi doirasida belgilangan barcha majburiyatlar to‘liq bajarilgan. Xususan, korxonaning iqtisodiy ko‘rsatkichlari barqaror o‘sishni namoyon etib, yil yakuni bo‘yicha balans foydasi 104 milliard 742 million so‘mni, sof foyda esa 84 milliard 969 million so‘mni tashkil etdi.
.jpg)
Mehnat munosabatlari sohasida ham ijobiy natijalarga erishildi. 168 nafar xodim bilan mehnat shartnomalari tuzilib, ish o‘rinlari barqarorligi ta’minlandi. Ish vaqti va dam olish vaqtiga oid kafolatlar doirasida xodimlarga ta’tillar berish uchun 16 milliard 708 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Ish haqi va moddiy rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Korxonada eng kam oylik ish haqi 1-razryad bo‘yicha 1 million 681 ming so‘m etib belgilangan bo‘lsa, o‘rtacha ish haqi 10 million 937 ming so‘mni tashkil qildi. Qo‘shimcha haqlar, ustamalar va tungi hamda bayram kunlaridagi mehnat uchun belgilangan tartibda to‘lovlar amalga oshirildi.
.jpg)
Mehnatni muhofaza qilish va xodimlar sog‘lig‘ini asrash borasida ham salmoqli ishlar bajarildi. Xususan, maxsus kiyim-bosh, oyoq kiyimlari va himoya vositalari xaridi uchun katta hajmda mablag‘ ajratildi. Shuningdek, tibbiy ko‘riklar tashkil qilinib, ishchilar sog‘lig‘ini nazorat qilish tizimi mustahkamlandi.
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari doirasida xodimlarga turli holatlarda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Jumladan, davolanish, oilaviy holatlar, yubileylar va boshqa ehtiyojlar uchun millionlab so‘m mablag‘lar ajratildi. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun ajratilgan 2 milliard 745 million so‘mlik yordam xodimlar farovonligini oshirishda muhim omil bo‘ldi..jpg)
Xotin-qizlar va yoshlar uchun yaratilgan qo‘shimcha imtiyozlar ham to‘liq ta’minlandi. Ayollarga qo‘shimcha ta’tillar, bola parvarishi nafaqalari va bayram munosabati bilan rag‘batlantirish to‘lovlari ajratildi.
Konferensiya davomida ishtirokchilar jamoa shartnomasining 2025-yilda bajarilishi bo‘yicha tuzilgan tekshiruv dalolatnomasi bilan tanishtirildi va uni tasdiqlash masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, shartnomaga zarur o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda uning ijrosini muntazam nazorat qilib boruvchi komissiyani shakllantirish bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.
Yakun sifatida ta’kidlanganidek, “O‘zbekenergota’mir” AJda jamoa shartnomasi ijrosi tizimli ravishda ta’minlanib, mehnat jamoasi manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash va ishchi-xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
“O‘zbekenergota’mir” AJ matbuot xizmati