36 soatlik dastur doirasida 20 nafar rahbar xodim zamonaviy menejment, strategik fikrlash, innovatsion texnologiyalar va raqamli boshqaruv instrumentlarini chuqur o‘zlashtirmoqda. Seminarning asosiy maqsadi — rahbar kadrlarda boshqaruv sohasidagi bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarni mustahkamlash, ularni amaliyotga samarali joriy etish mexanizmlarini ishlab chiqishdan iborat.

O‘quv-amaliy seminarning ochilish marosimida Akademiya rahbariyati va jamiyat rahbariyati ishtirok etdi. Unda ta’kidlanganidek, bugungi kunda energetika sohasida raqobatbardoshlikni ta’minlash, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va inson kapitali rivoji ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Dasturning ilk kunlaridanoq tinglovchilar zamonaviy menejment strategiyasi, rivojlangan davlatlar tajribasi, samarali muzokaralar olib borish texnologiyalari kabi yo‘nalishlarda nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘lmoqda. Xususan, trening formatda tashkil etilgan mashg‘ulotlar ishtirokchilarning interaktiv ishtirokini ta’minlab, real keyslar asosida qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, jamoani ruhlantirish, rag‘batlantirish mexanizmlari, shaxsiy yondashuv asosida boshqaruv madaniyatini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Bu esa energota’mir tizimida inson resurslarini boshqarish sifatini yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi.

O‘quv dasturida zamonaviy loyihaviy boshqaruv usullariga ham keng o‘rin berilgan. Ayniqsa, “Scrum” metodologiyasi asosida iterativ va inkremental yondashuv, shaffoflik, mijozga yo‘naltirilgan boshqaruv va biznes jarayonlarini avtomatlashtirish masalalari amaliyot bilan uyg‘unlashtirilgan holda o‘rganilmoqda.
Bu kabi innovatsion yondashuvlar energota’mir tizimida ish jarayonlarini optimallashtirish, resurslardan samarali foydalanish va loyihalarni tezkor amalga oshirish imkonini yaratadi.

Kurs doirasida zamonaviy boshqaruv tizimlarida sun’iy intellekt (SI) texnologiyalaridan foydalanish, ma’lumotlar tahlili asosida qaror qabul qilish, prognozlash va strategik rejalashtirish kabi masalalar ham chuqur o‘rganilmoqda. Kompaniyani rivojlantirishda SI imkoniyatlarini tatbiq etish orqali ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish, xarajatlarni kamaytirish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.

Shu bilan birga, zamonaviy boshqaruvda forsayt texnologiyalaridan foydalanish, global siyosiy va iqtisodiy jarayonlarni tahlil qilish, risklarni baholash va uzoq muddatli strategik qarorlar qabul qilish ko‘nikmalari ham shakllantirilmoqda.
Dasturda davlat fuqarolik xizmatida korrupsiyaning oldini olish, shaffoflik va hisobdorlik mexanizmlarini kuchaytirish masalalariga ham alohida o‘rin berilgan. Bu yo‘nalish energota’mir tizimida korporativ boshqaruv standartlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Olti kunlik o‘quv yakunida tinglovchilar chiqish testidan o‘tadi hamda yakuniy muhokamalarda o‘z fikr-mulohazalarini bildiradi. Bu esa o‘zlashtirilgan bilimlarni baholash va ularni ish jarayoniga joriy etish bo‘yicha aniq rejalarni belgilash imkonini beradi.
Umuman olganda, “Zamonaviy boshqaruv” yo‘nalishidagi mazkur o‘quv kurslari “O‘zbekenergota’mir” AJ rahbar kadrlarining kasbiy salohiyatini oshirish, innovatsion fikrlashlarini rivojlantirish va energota’mir tizimida samarali, raqobatbardosh boshqaruv modelini shakllantirishga xizmat qiladi.
Mazkur tashabbus kompaniyada strategik rivojlanish, raqamli transformatsiya va inson kapitaliga investitsiya kiritish siyosatining amaliy ifodasi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.